- talabaning otasi yoki onasining asosiy ish faoliyati pedagoglik bo‘lishi;
- talaba davlat oliy ta’lim tashkilotida, jumladan, moliyaviy mustaqillik berilgan davlat OTMda o‘qishi;
- ta’lim bakalavriat bosqichining kunduzgi shaklida bo‘lishi;
- talaba oddiy to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan yoki tahsil olayotgan bo‘lishi;
- talaba O‘zbekiston fuqarosi yoki respublikada doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lishi.
- nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga;
- O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar va ularning filiallariga;
- oliy harbiy hamda harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlariga;
- qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganlarga;
- xorijiy hamkor OTMlarning qo‘shma ta’lim dasturlari asosida va fakultetlarida tahsil olayotganlarga.
| Hisob-kitob | Summa |
|---|---|
| Yillik kontrakt | 12 000 000 so‘m |
| 30 foizlik chegirma | 3 600 000 so‘m |
| Talaba to‘laydigan qism | 8 400 000 so‘m |
Bu shartli misol. Amaldagi summa talabaning ta’lim yo‘nalishi va shartnomasidagi kontrakt qiymatiga bog‘liq.
Ariza qanday topshiriladi?
Chegirmani rasmiylashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1.Talaba ariza yuboradi. To‘lov-kontrakt shartnomasini olish uchun kontrakt.edu.uz maxsus axborot tizimi orqali murojaat qilinadi.
2. Ma’lumotlar tekshiriladi. Talabaning pedagog farzandi ekanligi “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasidan olingan ma’lumotlar asosida aniqlanadi.
3. Ariza ikki ish kunida ko‘rib chiqiladi. OTMning registrator ofisi yoki mas’ul bo‘linmasi shartnomani shakllantiradi yoxud arizani rad etib, qayta ishlashga yuboradi.
4. Chegirma shartnomada aks ettiriladi. Maqom tasdiqlanganda, shartnoma shakllantirilayotgan bosqichda 30 foizlik chegirma avtomatik qo‘llanadi.
5. Shartnoma elektron tasdiqlanadi. Unda yillik kontrakt qiymati, budjet hisobidan qoplanadigan chegirma va talaba to‘laydigan summa alohida ko‘rsatiladi.
Demak, chegirma talabaning qo‘liga beriladigan alohida pul to‘lovi emas — u kontrakt shartnomasini rasmiylashtirishda hisobga olinadi.
Ota yoki ona pedagoglik faoliyatini to‘xtatsa nima bo‘ladi?
Nizomga ko‘ra, ota yoki ona pedagog toifasidan chiqarilgan taqdirda, chegirmani qo‘llash keyingi o‘quv yilidan boshlab to‘xtatiladi.
Chegirma noto‘g‘ri qo‘llangan holatda esa shartnoma qayta ko‘rib chiqiladi. Tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, mablag‘ to‘lab berilgan bo‘lsa, uni qaytarish choralari ko‘riladi.
Ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun ham imkoniyat yaratiladi
Qarorda 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab talab va ehtiyojdan kelib chiqib, tegishli OTMlarda ehtiyojmand oilalar farzandlarini zamonaviy kasblarga o‘qitadigan markazlar tashkil etish ham nazarda tutilgan.
Ularda dasturlash, sun’iy intellekt, robototexnika, axborot texnologiyalari va boshqa kasblar o‘rgatilishi ko‘zda tutiladi. OTMlarga markazlar faoliyati hamda ehtiyojmand oilalar farzandlarini bepul o‘qitish xarajatlarini budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplashga ruxsat berilgan.
Talaba nimaga e’tibor berishi kerak?
Imtiyoz shartlariga mos keladigan talaba elektron shartnomada 30 foizlik chegirma va o‘zi to‘laydigan summa to‘g‘ri aks etganini tekshirishi lozim. Ma’lumotlarda nomuvofiqlik bo‘lsa, OTMning registrator ofisi yoki kontraktni rasmiylashtirishga mas’ul bo‘linmasiga murojaat qilish maqsadga muvofiq.
MANBALAR:
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi 501-son qarori hamda unga ilova qilingan nizom

