Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni yangi o'zbek alifbosi to'g'risidagi qonunni imzoladi.
Qonun lotin yozuvidagi o'zbek alifbosini yangilaydi. Endi alifbo 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat bo'ladi. Hozirgi alifboda 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi bor.
Hujjat O'zbek tili bayrami kuni imzolandi. Qonunchilik palatasi uni 7-iyulda qabul qilgan, Senat 10-sentabrda ma'qullagan edi. Qonun raqami — O'RQ-1184. O'zgarishlar bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Yangi o'zbek alifbosida nima o'zgaradi?
| Hozirgi yozuv | Yangi alifboda | Misol |
|---|---|---|
| O' o' | Ö ö | o'qituvchi → öqituvchi |
| G' g' | Ğ ğ | bog' → boğ |
| Sh sh | Ş ş | shahar → şahar |
| Ch ch | Ç ç | choy → çoy |
| ng | n + g | alohida harf hisoblanmaydi |
- To'rtta harf bitta belgiga o'tadi. Asosiy qoida — "bir tovush — bir harf".
- Ng birikmasi alohida harf sifatida alifbodan chiqariladi.
- Tutuq belgisi (') saqlanadi. U "ma'no", "san'at" kabi so'zlarda ishlatiladi.
- Qonun 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi. Bu rasmiy e'londan 6 oy o'tgach bo'ladi.
Nega shunday bo'ldi?
Lotin yozuvidagi alifbo 1993-yilda qabul qilingan va 1995-yilda o'zgartirilgan. O' va g' harflaridagi belgi, ikki harfli sh va ch yozishda noqulaylik tug'dirib kelgan.
Yangi alifbo loyihalari 2018, 2019 va 2021-yillarda muhokamaga chiqarilgan. Qonunni tayyorlashda Fanlar akademiyasi olimlari ishtirok etgan. Yangi tahrir tilni raqamli muhitda ishlatishni osonlashtirishi kutilmoqda.
Siz uchun nima muhim?
- Hujjatlarni almashtirish shart emas. Eski alifboda rasmiylashtirilgan pasport, ID-karta, diplom va boshqa hujjatlar amal qilishda davom etadi.
- Pul va qimmatli qog'ozlar ham muomalada qoladi.
- Davlat idoralarining peshlavha va ko'rsatkichlari yaroqsiz bo'lguncha yoki belgilangan muddatgacha ishlatiladi.
- Qonun kuchga kirgunga qadar hozirgi alifbo amal qiladi. O'tish bo'yicha aniq tadbirlar hukumat dasturida belgilanadi.
