Ko‘pchilikda shunday savol tug‘iladi: “Er-xotin ajrashmagan, hatto bir uyda yashayotgan bo‘lsa ham, aliment undirish mumkinmi?”
*Ha, mumkin. Bir uyda yashash yoki nikoh rasman bekor qilinmagan bo‘lishining o‘zi aliment talab qilish huquqini yo‘qqa chiqarmaydi. Asosiy masala — voyaga yetmagan bolaning moddiy ta’minoti amalda ta’minlanyaptimi yoki yo‘qmi.
Qonun nima deydi?
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 96-moddasiga ko‘ra, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart.
Agar ota yoki ona voyaga yetmagan bolasini ta’minlash majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmasa, undan sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i asosida aliment undirilishi mumkin.
Muhim jihati shundaki, qonunda aliment undirish uchun er-xotin albatta ajrashgan bo‘lishi kerak, degan shart belgilanmagan. Shuningdek, ota-onaning bir manzilda yoki bir uyda yashayotganining o‘zi bolaning ta’minoti to‘liq amalga oshirilayotganini anglatmaydi.
Masalan, er-xotin bir uyda yashaydi, lekin ota bolaning oziq-ovqati, kiyim-kechagi, bog‘cha yoki maktab xarajatlari, davolanishi va boshqa zarur ehtiyojlariga muntazam mablag‘ bermaydi. Bunday vaziyatda bolaning ta’minoti uchun aliment talab qilish masalasi qo‘yilishi mumkin.
“Birga yashayapmiz-ku” degan vaj alimentni avtomatik bekor qiladimi?
Yo‘q.
Sud uchun faqat er-xotinning qayerda yashayotgani emas, balki bolaning ta’minoti bilan bog‘liq haqiqiy holatlar ham ahamiyatga ega.
Oila kodeksining 97-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularni ta’minlashda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
Demak, “biz hali ajrashmaganmiz” yoki “bir uyda turibmiz” degan holatning o‘zi ota yoki onani bolani moddiy ta’minlash majburiyatidan ozod qilmaydi.
Aliment miqdori qancha?
Ota-ona o‘rtasida bolaning ta’minoti bo‘yicha kelishuv bo‘lmasa, Oila kodeksining 99-moddasiga asosan aliment odatda har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromaddan quyidagi miqdorda undiriladi:
- bir bola uchun — 1/4 qismi;
- ikki bola uchun — 1/3 qismi;
- uch va undan ortiq bola uchun — 1/2 qismi.
Sud taraflarning moddiy va oilaviy ahvoli hamda boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olib, ushbu miqdorni kamaytirishi yoki ko‘paytirishi mumkin. Bundan tashqari, har bir bola uchun undiriladigan aliment qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
| Mehnatga haq to‘lash eng kam miqdori | 26.5 foiz |
|---|---|
| 1 360 000 so‘m | 360 400 so‘m |
Ajrashmasdan aliment olish mumkinmi?
Ha. Aliment talab qilish uchun nikohni bekor qilish shart emas.
Aliment — er yoki xotinning ajrashgani uchun belgilanadigan to‘lov emas. Voyaga yetmagan bola ta’minoti bilan bog‘liq ota-onalik majburiyati hisoblanadi.
Shuning uchun nikoh FHDYO organlarida qayd etilganicha qolayotgan bo‘lsa ham, qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lsa, voyaga yetmagan bola ta’minoti uchun aliment undirish masalasi sud tartibida ko‘rilishi mumkin.
Bir uyda yashash sudda ahamiyatga egami?
Albatta, ishning aniq holatlarini baholashda ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Masalan, aliment talab qilinayotgan ota: “Men bola bilan birga yashayman va uning barcha xarajatlarini o‘zim qoplayman”, degan vajni keltirishi mumkin. Bunday holatda taraflarning bolaning ta’minotidagi haqiqiy ishtiroki va taqdim etilgan dalillar muhim bo‘lishi mumkin.
Shu sababli bir uyda yashayotgan oilada aliment masalasi yuzaga kelganda, “birga yashaymizmi yoki alohidami?” degan savolning o‘zi bilan cheklanib qolmasdan, bolaning ta’minoti amalda qanday amalga oshirilayotganiga e’tibor berish kerak.
Xulosa
Bir uyda yashab turib ham aliment talab qilish mumkin.
Ota-ona ajrashmagan yoki bir manzilda yashayotgan bo‘lsa ham, voyaga yetmagan bolasini moddiy ta’minlash majburiyatiga ega. Agar bu majburiyat ixtiyoriy ravishda bajarilmasa, qonunda belgilangan tartibda aliment undirish masalasi qo‘yilishi mumkin.
Shuning uchun “bir uyda yashayotgan bo‘lsak, alimentga bera olmayman” degan tushuncha to‘g‘ri emas. Har bir holatda bolaning manfaatlari va ota-onaning uni ta’minlashdagi amaldagi ishtiroki muhim hisoblanadi.
Huquqiy asos:
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 96, 97, 98 va 99-moddalari.
